2-iyul — O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan Milliy gvardiya Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasida “Mening gerbim – mening faxrim!” shiori ostida rasmlar tanlovi tashkil etildi. Mazkur tanlovda harbiy xizmatchilarning turli yoshdagi farzandlari, xususan, maktabgacha yoshdagi bolajonlar ham faol ishtirok etdilar.
Tadbirning asosiy maqsadi – Vatan timsollariga bo‘lgan hurmat va g‘ururni yosh avlod qalbiga singdirish, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, milliy ramzlarimizga bo‘lgan ehtiromni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Bolajonlar o‘zlarining rang-barang tasvirlari orqali Davlat gerbi timsolida Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatlarini, g‘urur va iftixorlarini namoyon etdilar. Har bir ishtirokchining asari o‘ziga xos g‘oya va bezaklarga boy bo‘lib, ular orqali yosh rassomlarning qalbidagi Vatanga sadoqat ruhi yaqqol sezildi.
Mazkur tanlov bolajonlar qalbida milliy g‘urur tuyg‘usini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Shu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlod tarbiyasida alohida o‘rin tutadi.