Buxoro viloyatidagi “Humo” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida dam olayotgan maktab oʻquvchilari uchun hududiy kamondan otish federatsiyasi va Buxoro viloyati boʻyicha Milliy gvardiya boshqarmasi hamkorligida kamondan otish boʻyicha maxsus mahorat darslari tashkil etildi.
Tadbir davomida bolalarga ushbu sport turining tarixi, dunyo va yurtimizda tan olingan mashhur kamonchilar, shuningdek, mamlakatimizda kamondan otish sportining bugungi holati haqida qiziqarli maʼlumotlar berildi. Tajribali murabbiylar tomonidan kamondan otish texnikasi namoyish etildi. Shundan soʻng har bir bola oʻzida diqqat va mahoratni sinab koʻrish imkoniyatiga ega boʻldi.
Ishtirokchilar tashkilotchilarga koʻplab savollar yoʻllashdi. Eng koʻp berilgan savollar quyidagilar boʻldi: qaysi joylarda kamondan otish boʻyicha toʻgaraklar faoliyat yuritmoqda, bu sport turi bilan shugʻullanishni istaganlarga qanday talablar qoʻyiladi va Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish uchun qancha vaqt talab etiladi?
Aytish joizki, bu kabi mahorat darslarini tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad — kamon otish sportini yoshlar oʻrtasida ommalashtirish va qiziqish uygʻotishdir. Ushbu tadbirlar orqali iqtidorli yoshlar aniqlanib, ular kelgusida Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibini toʻldirishi mumkin.
Shu bilan birga, maktab oʻquvchilari uchun tashkil etilayotgan bunday mashgʻulotlar taʼtil kunlarini mazmunli va foydali oʻtkazishga xizmat qiladi.