30-"Mehribonlik" uyi tarbiyalanuvchilari yozgi taʼtilni foydali va koʻngilochar tarzda "Nur" bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida oʻtkazmoqdalar. Bolalar bu joyni oʻz tillarida "dacha" deb atashadi. Bu yerda bolalarning toʻliq dam olishi, faol oʻyinlar va sport bilan shugʻullanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Joriy yilda maktab taʼtillari boshlanishi arafasida homiylar koʻmagida futbol maydoni, basketbol maydonchasi obodonlashtirildi va turli trenajyorlar xarid qilinib oʻrnatildi. Hozir bolalar ularda musobaqalar oʻtkazishmoqda. Alleyalar taʼmirlandi, bolalar kitob oʻqish, rasm chizish, ijodiy tanlovlar, adabiy kechalar tashkil qilish hamda suhbat qurishadigan besedkalar boʻyalib yangilandi. Koʻplab manzarali va mevali daraxtlar soyasida bolalar stol tennisi oʻynashmoqda.
Har bir kun oromgohda jismoniy mashqlar bilan boshlanadi. Bolalar eng koʻp kutadigan vaqt — bu basseynda suzish. Suzishdan soʻng ularni mazali tushlik va uyqu kutadi. Kechki paytda esa bolalarga koʻpincha volontyorlar tashrif buyurishadi. Ular bilan birgalikda oʻyinlar oʻtkaziladi, tabiiy materiallardan turli buyumlar yaratish, raqslar oʻrganish kabi mashgʻulotlar oʻtkaziladi.