Toshkent viloyatining Chorvoq sohilida joylashgan “Oftob” bolalar oromgohida yozgi taʼtilni oʻtkazayotgan 22-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan tashkillashtirilgan mazkur uchrashuv, Milliy gvardiya qoʻmondoni R.Djurayev boshchiligida Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutasaddi rahbarlari, Bolalar psixologiyasi markazi mutaxassislari va ZOR TV ijodiy guruh aʼzolari ishtirokida ochiq va samimiy ruxda boʻlib oʻtdi.
Tadbir davomida oromgohda yaratilgan shart-sharoitlar koʻzdan kechirilib, turli temperamentga ega bolalarning foydali mashgʻulotlar bilan shugʻullanishlari uchun psixolog-mutaxassislar tavsiyalariga koʻra tashkil etilgan turli toʻgaraklar va sport seksiyalari bilan tanishildi, shuningdek tarbiyalanuvchi va ularning murabbiylari bilan ochiq muloqot doirasida fikr-mulohazalari tinglandi.
Oʻz oʻrnida, tarbiyalanuvchi oʻgʻil-qizlar tomonidan tayyorlangan va ularning har biri ishtirokidagi ijodiy chiqishlar hamda teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari taqdim etildi.
Yosh avlodni milliy va maʼnaviy qadriyatlar asosida tarbiyalashga qaratilgan mazkur ijodiy yondashuvlar ularning jamiyatda faol ishtirokini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlanib, mutaxassislar tomonidan bolajonlarning qobiliyatlari yuqori baholandi.
Tadbir soʻngida tarbiyalanuvchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi va bayramona dasturxon yozildi, unda barcha ishtirokchilar musiqa sadolari ostida doʻstona hamsuhbat boʻlishdi.